


2026-yil 3-avgust kuni Toshkent shahridagi Intercontinental Tashkent Hotelning “Amudarya” konferensiyalar zalida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Islom taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekistonda zamonaviy va samarali vaqf tizimini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyani taqdim etish, xalqaro tajribalarni muhokama qilish hamda sohaga oid huquqiy, institutsional va moliyaviy takliflarni manfaatdor tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Islom taraqqiyot banki instituti menejer o‘rinbosari Yahyo Rahmon hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii tabrik so‘zlari bilan ishtirokchilarga murojaat qildi.
Davra suhbatida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent islom instituti hamda boshqa qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida BMTTD ekspertlari tomonidan tayyorlangan konsepsiya hujjati taqdim etildi. Unda O‘zbekistonda vaqf tizimining bugungi holati, mavjud muammolar, xalqaro ilg‘or tajribalar hamda mamlakat sharoitiga mos vaqf modelini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar atroflicha yoritildi.
Ma’ruzalarda vaqfning tarixan jamiyat farovonligini ta’minlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xayriya va ijtimoiy infratuzilmani uzoq muddatli moliyalashtirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bugungi kunda vaqf jamg‘armalari (endowment) ko‘plab mamlakatlarda ijtimoiy sohalarni barqaror rivojlantirishning muhim moliyaviy mexanizmlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Xalqaro baholashlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha vaqf aktivlarining umumiy qiymati yuzlab milliard, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra esa bir trillion AQSH dollarigacha yetadi.
Mutaxassislar O‘zbekistonda ham vaqf institutini rivojlantirish kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va ijtimoiy xizmatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat resurslarini samarali to‘ldiruvchi mexanizmni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatda islomiy moliyani rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, islomiy bank faoliyati hamda islomiy moliya vositalarini joriy etishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari vaqf tizimini rivojlantirish uchun ham muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir dasturidan o‘rin olgan sessiyalarda:
〰vaqfning asosiy tamoyillari va xalqaro tajriba;
〰O‘zbekistondagi mavjud vaqf tizimining holati va asosiy kamchiliklari;
〰mamlakat uchun taklif etilayotgan vaqf modeli hamda uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha siyosiy va institutsional choralar muhokama qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan konsepsiya yuzasidan fikr va takliflar bildirildi, savol-javoblar o‘tkazildi hamda O‘zbekistonda zamonaviy, shaffof va barqaror vaqf tizimini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Mazkur muloqot vaqf institutining huquqiy, me’yoriy va institutsional asoslarini takomillashtirish hamda uni mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan samarali mexanizm sifatida rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

