

2025-yil 27-oktabr | Toshkent, O‘zbekiston
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi (BFA) tomonidan tashkil etilgan “Reimagining Finance: Pathways to Resilient and Inclusive Systems” nomli xalqaro konferensiyada Amanah Consulting Group direktori va shu bilan birga Islom taraqqiyot bankining (IsDB) O‘zbekistondagi vakili bo‘lgan Xusan Xasanov “Markaziy Osiyoda islomiy moliyaning hozirgi holati” mavzusida asosiy ma’ruza bilan chiqdi.
O‘z nutqida janob Xasanov Markaziy Osiyo mintaqasida islomiy moliya sohasining jadal rivojlanib borayotganini, u barqaror rivojlanish, moliyaviy inklyuziya va axloqiy investitsiyalarni rag‘batlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. U Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib, ularning islomiy bank xizmatlari, Sukuk va Takaful tizimlari uchun huquqiy va institutsional asoslarni shakllantirayotganini qayd etdi.
Shuningdek, janob Xasanov O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini — islomiy moliya to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi, Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikning mustahkamlanishi hamda Sukuk mexanizmini joriy etish bo‘yicha tashabbuslarini — mamlakatni kelajakda islomiy moliya bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida shakllantirayotgan muhim omillar sifatida e’tirof etdi.
U, shuningdek, Markaziy Osiyoda islomiy moliyaning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va inson salohiyatini rivojlantirish zarurligini urg‘uladi.
Mazkur taqdimot BFA konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi muhokamalarning bir qismi bo‘lib, unda siyosatchilar, olimlar hamda moliya sektori rahbarlari barqaror, inklyuziv va Shariat tamoyillariga mos moliyaviy tizimlarni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildilar.

