Skip to main content

Yaqinda kanalimizda o’tkazilgan so’rovnoma natijalari shuni ko’rsatdiki, ishtirokchilarning 25 foizi kundalik savdo amallarida Ribo (sudxo’rlik) qanday yashiringan bo’lishi mumkinligini hali to’liq anglab yetishmagan. Keling, 100 tonna sifatli bug’doyni 120 tonna oddiy bug’doyga almashtirish keysi orqali Islom moliyasining eng muhim tushunchalaridan biri — Ribo al-fadl mavzusini tahlil qilamiz.

1. Riboning ikki asosiy turi

Ribo al-nasia (Qarz ribosi): Muddat evaziga olinadigan ziyodalik. Masalan, 100 dollarni keyingi oyda 110 dollar qilib qaytarish sharti.

Ribo al-fadl (Savdo ribosi): Bir xil riboviy mollarni o’zaro almashtirganda yuzaga keladigan miqdoriy farq (yuqoridagi bug’doy misolidek).

2. Keys tahlili: Nega bu savdo harom?

Savolda keltirilgan holatda ikki tadbirkor o’zaro rozi, narxlar bozorga mos va savdo qo’lma-qo’l (naqd) amalga oshirildi. Biroq, Shariat nuqtai nazaridan bu bitim Ribo al-fadl (ziyodalik ribosi) hisoblanadi.

Islom huquqiga ko’ra, bug’doy «riboviy mollar» sirasiga kiradi. Riboviy mollar (tillo, kumush, bug’doy, arpa, xurmo va tuz) o’z jinsi bilan (masalan, bug’doyni bug’doyga) almashtirilganda ikkita qat’iy shart bajarilishi lozim:

Tenglik: Miqdori (vazni yoki hajmi) grammigacha bir xil bo’lishi shart.
Naqdlik: Almashtirish o’sha zahoti, bir majlisda amalga oshishi kerak.

Bizning misolimizda 100 tonna 120 tonnaga almashtirildi. O’rtadagi 20 tonnalik farq sifat darajasi qanday bo’lishidan qat’i nazar — Ribodir.

3. Riboviy mollar qaysilar

Hadislarda 6 ta riboviy mahsulotlar keltiriladi
Tilla, Kumush, Bug’doy, Arpa, Xurmo va Tuz

Bundan tashqari:
1.Vazn (Og’irlik): Tillo, kumush kabi qimmatbaho metallar hamda vazn orqali o’lchanadigan boshqa mollar (masalan, go’sht, shakar).
2.Hajm (Kayliy): Bug’doy, arpa, guruch kabi sochiluvchan mollar yoki litr bilan o’lchanadigan suyuqliklar
ham riboviy mahsulotlar hisoblanadi.

Olma og’irlik bilan o’lchanadi, demak bu ham riboviy mahsulot, har qanday olmani boshqa olmaga almashtirayotganda miqdori teng bo’lishi kerak.
Benzin esa hajm bilan o’lchanadi demak u ham riboviy mahsulot.

4. Sifatning ahamiyati bormi?

Ko’pchilikni chalg’itadigan nuqta ham aynan shu: «Axir biri sifatliroq-ku?». Islom moliyasida riboviy mollar almashtirilganda «sifat e’tiborga olinmaydi» degan muhim fiqhiy qoida mavjud. Ya’ni, oliy navli bug’doy bilan past navli bug’doy Shariat tarozisida teng ko’riladi. Agar sifatdagi farq miqdoriy farq bilan qoplanishiga ruxsat berilsa, bu riboning eshiklarini ochib yuborgan bo’lar edi.

5. Halol yechim qanday?

Agar sizda sifatliroq bug’doy bo’lsa va siz ko’proq miqdordagi oddiy bug’doyga ega bo’lmoqchi bo’lsangiz, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko’rsatgan yo’ldan foydalanish kerak:
Bilol roziyallohu anhu sifatli xurmoni sifatidan pastroq xurmoning ikki barobariga almashtirganida, Payg’ambarimiz (s.a.v.): «Bu aynan ribo-ku! Unday qilma, balki o’z xurmoingni (pulga) sot, so’ng tushgan pulga xohlagan xurmoingni sotib ol», deganlar.

Xulosa: Tadbirkor avval o’zining 100 tonna sifatli bug’doyini bozor narxida pulga sotishi, so’ngra o’sha pulga 120 tonna (yoki undan ko’p/kam) mahalliy bug’doyni sotib olishi kerak. Shunda o’rtadagi bitimlar savdoga aylanadi va ribo shubhasi qolmaydi.

Biznesingiz barakali va halol bo’lishini istasangiz, moliyaviy bilimlaringizni oshirishdan to’xtamang!