Skip to main content
Yangiliklar

Xalqaro Shariat Ulamolari Forumi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Islom moliyasi sohasida muhim tarixiy qadamlardan birini tashlab, 2025-yil 17–18 sentabr kunlari Toshkent shahrida Islom moliyasida 20-Xalqaro Shariat Ulamolari Forumi (ISSF2025)ga mezbonlik qildi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbir ilk bor Malayziyadan tashqarida o‘tkazilishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.

Forumni INCEIF(Islomiy Moliya bo‘yicha Xalqaro Ta’lim Markazi) Universiteti va uning ISRA (Islomiy Moliya bo‘yicha Xalqaro Shariat Tadqiqot Akademiyasi) instituti, shuningdek, Al Muamalat Consulting hamda strategik hamkor – O‘zbekiston Markaziy banki tashkil etdi. Unda dunyoning turli davlatlaridan taniqli Shariat olimlari, siyosatchilar, regulyatorlar va moliya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Joriy yilgi forumning shiori “Islom bankchiligini joriy etish: Barqaror moliyaviy tizim sari” bo‘lib, unda O‘zbekistonning islom moliyasi uchun huquqiy va me’yoriy asoslarni yaratishga bo‘lgan qat’iy sa’y-harakatlari ta’kidlandi. Muhokamalar Shariat boshqaruvi, banklarni islomiy tizimga o‘tkazish modellari, mahsulot ishlab chiqishda Maqasid ash-Shariah yondashuvi va islom bankchiligi hamda islomiy ijtimoiy moliyani uyg‘unlashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Forumda nufuzli mutaxassislar qatnashdi, jumladan:

  • Shayx Prof. Dr. Ali Muhiyaddin al-Qaradagiy– Xalqaro Musulmon Ulamolari Ittifoqi Prezidenti
  • Shayx Dr. Muhamad Nizam Salih Yaquby (Bahrayn)– Islom Taraqqiyot Banki (IsDB) guruhi Shariat kengashi rais o‘rinbosari
  • Sami Al-Suvaylim– IsDB Institutining vaqtincha bosh direktori
  • Professor Said Adekunle Mikail– IsDB guruhi Shariat kengashi a’zosi

Mahalliy moliya institutlari ham faol ishtirok etdi. Hamkorbank va Openbank (Smartbank) IsDB va uning tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorligi uchun e’tirof etildi, Trust Muamalat MChJ esa IsDB guruhi a’zosi bo‘lgan Xususiy Sektor Taraqqiyot Korporatsiyasi (ICD) bilan hamkorlikda ijara va murabaha xizmatlarini joriy etganligi uchun alohida qayd etildi.

Forum yakunida Shariat standartlarini uyg‘unlashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. ISSF2025 O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy o‘yinchi sifatida, shuningdek, jahon islom moliyasi ekotizimiga yangi hissa qo‘shayotgan davlat sifatida ko‘rsatdi.

Tadbirda, shuningdek, Amanah Consultings Group MCHJ direktori Xusan Xasanov ham faol ishtirok etdi. Uning qatnashuvi O‘zbekistonda islomiy moliya yo‘nalishining rivojlanishida mahalliy konsalting kompaniyalarning ham muhim o‘rin egallayotganidan dalolat beradi.

Manba:  ISSF2025 International Shari’ah
Scholars Forum

Havola:  https://issf.inceif.edu.my/pdf/(060925)-ISSF2025%20Brochure_compressed.pdf